Istiqloling muborak bo‘lsin, ona O‘zbekistonim! - Azər Həsrət - TURAN-SAM : TURAN Stratejik Ara?t?rmalar Merkezi - http://www.turansam.org









Istiqloling muborak bo‘lsin, ona O‘zbekistonim! - Azər Həsrət
Tarih: 03.09.2010 > Kaç kez okundu? 6869

Paylaş


Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida Vatanimiz mustaqilligining 19 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanalari bo‘lib o‘tdi.



Mustaqillik – eng ulug‘, eng aziz ne’mat. Ozodlik, hurriyat, erkinlik. Bu oliy tushunchalarni yurakdan his qilish, anglab yashash – buyuk saodat.



Mustaqillik – xalqimiz uchun erkin, baxtli va farovon, hech kimdan kam bo‘lmagan hayot kechirish imkonini bergani, yurtdoshlarimizning barcha sohalarda o‘z iste’dod va qobiliyatini to‘la namoyon etishi, huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishi uchun beqiyos imkoniyatlar yaratgani bilan qadrlidir.



Xalqimiz o‘zining eng ulug‘, eng aziz ayyomi – mustaqilligimizning o‘n to‘qqiz yilligini keng nishonlamoqda. Bu go‘zal bayram qalblarimizga cheksiz faxr-iftixor, ko‘ngillarimizga surur baxsh etadi. Ota-bobolarimizning asriy orzulari ushalgan mazkur tarixiy kun yurtimizning barcha shaharu qishloqlarida keng miqyosda, ulkan shodiyonalar bilan tantana qilinmoqda.



Istiqloling muborak bo‘lsin, ona O‘zbekistonim!



Joriy yilda ushbu qutlug‘ bayram butun mamlakatimiz bo‘ylab “Bu muqaddas Vatanda azizdir inson” degan ezgu g‘oya asosida nishonlanmoqda. Bu yurtimizda inson, uning hayoti, huquq va erkinligi eng oliy qadriyat sifatida e’zozlanishi, hayotimizdagi barcha yangilanish va o‘zgarishlar, turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, avvalambor, inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilganining yana bir amaliy ifodasidir.



2010 yil, 31 avgust. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i yanada go‘zallik, o‘zgacha tarovat kasb etgan.



Bu yerga hukumat a’zolari, Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Qahramonlari, fan, madaniyat va san’at namoyandalari, ishlab chiqarish ilg‘orlari, tadbirkorlar, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari, xalqaro tashkilotlar vakillari tashrif buyurgan.



Soat 19.30. Bayram tantanasida hozir bo‘lganlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovni qarsaklar bilan kutib oladilar.



Chorlov musiqasi bayram shodiyonasi boshlanayotganidan darak beradi.



Prezident Islom Karimov minbarga taklif etiladi.



Davlatimiz rahbari mustaqilligimizning o‘n to‘qqiz yilligi bilan butun xalqimizni muborakbod etadi.



O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangraydi.



Mamlakatimiz, xalqimiz hayotida ozodlik va hurriyat sahifasini ochib bergan mustaqillik kunini nishonlar ekanmiz, Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida tarixan qisqa davrda bosib o‘tgan mustaqil taraqqiyot yo‘limiz davomida erishgan yuksak marralarimiz, amalga oshirgan betimsol ishlarimiz beixtiyor ko‘z oldimizda gavdalanadi. Bu yillar, hech shubhasiz, mazmun-mohiyatiga ko‘ra, demokratik tamoyillar hamda bozor iqtisodiyoti asoslariga tayangan yangi jamiyat, yangi davlat qurish yo‘lidagi asrlarga teng yillar sifatida Vatanimiz tarixi sahifalariga zarhal harflar bilan muhrlandi.



“O‘zbekiston”. Muazzam sahnadan taralayotgan bu qo‘shiq go‘zal qiru adirlarimizda, dalayu dashtlarimizda, purviqor tog‘larimizda, fayzli qishloqlarimizda, maftunkor shaharlarimizda aks-sado beradi. Bu ashula go‘yo barchamizning qalbimizdan chiqayotgandek. Ha, kindik qonimiz tomgan ota makonimiz, jonajon Vatanni vasf etuvchi taronalar yuraklarni junbushga keltiradi, kishiga o‘zgacha zavq-shavq bag‘ishlaydi, ezgulikka undaydi, bunyodkorlikka chorlaydi…



Davlatimiz rahbari Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda mustaqillikning ilk kunlaridanoq demokratik huquqiy davlat qurish va adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish bosh vazifa etib belgilandi. Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan va yangi davlat va yangi jamiyat qurishda asos qilib olingan besh tamoyil amalda o‘zini to‘liq oqladi. Ana shu tamoyillardan kelib chiqqan holda “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” g‘oyasi hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Fuqarolik jamiyatining iqtisodiy negizi yaratilib, mamlakat siyosiy hayotida ko‘ppartiyaviylik muhiti qaror topdi, nodavlat tuzilmalar, jamoat tashkilotlari va o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati takomillashtirildi, sud-huquq tizimida, ommaviy axborot vositalari, ma’naviy-ma’rifiy sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.



Islohotlar islohot uchun emas, inson uchun, uning haq-huquqlari va manfaatlarini ta’minlash uchun, degan hayotiy tamoyil hayotimizda o‘z ifodasini topmoqda. Konstitutsiyamizda inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi belgilab qo‘yilgan.



Fuqarolar huquqlarini himoya qilish va qonuniy manfaatlarini ta’minlashda sud organlari muhim o‘rin tutadi. Shu ma’noda sud hokimiyatining nufuzini oshirish, sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, ularning demokratik huquqiy davlat, adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirishdagi rolini yanada kuchaytirish borasida izchil islohotlar amalga oshirildi. Sud-huquq tizimini liberallashtirish jarayoni inson huquqlariga rioya etilishining muhim kafolatiga aylandi. Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan jinoyatlarning tasnifi qayta ko‘rib chiqildi, o‘zgartirildi. Jinoyat-protsessual qonunchiligida xalqimiz mentalitetiga xos yarashuv instituti joriy etildi, advokatura instituti isloh qilindi, sud qarorlarini ijro etish tizimi, prokuratura faoliyati takomillashtirildi.



Yurtboshimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda o‘lim jazosining bekor qilinishi hamda qamoqqa olishga sanksiya berish huquqining sudlarga o‘tkazilishi xalqimizga xos bag‘rikenglik, insonparvarlik fazilatlarining yana bir namoyishi bo‘ldi. Bu butun dunyoda ulkan qiziqish va e’tibor uyg‘otdi.



Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida“gi Konstitutsiyaviy qonuni ko‘ppartiyaviylik tizimining rivojlanishi va mustahkamlanishiga, Qonunchilik palatasida siyosiy partiyalar rolining kuchayishiga va ular tomonidan qarorlar qabul qilinishiga katta ta’sir ko‘rsatdi.



Mustaqillik yillarida yurtimizda eng yuksak demokratik talablarga, umume’tirof etilgan xalqaro me’yorlar va standartlarga javob beradigan saylov tizimi yaratildi. Saylovning ochiqlik, oshkoralik va adolat tamoyillariga muvofiq holda o‘tkazilishi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida“gi qonun, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida“gi qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan kafolatlangan.



Saylov haqidagi qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlarga asosan 2009 yil 27 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga 150 deputat, shu jumladan, O‘zbekiston Ekologik harakatidan 15 deputat saylandi.



Ushbu siyosiy tadbir mamlakatimizning demokratik o‘zgarishlar, fuqarolarimizning tanlash erkinligini ta’minlash va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘lida qanday ulkan muvaffaqiyatlarga erishganini yana bir bor ko‘rsatdi.



Prezidentimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek, bo‘lib o‘tgan saylovlar xalqimizning yuksak ijtimoiy-siyosiy madaniyatini, uning siyosiy va fuqarolik ong darajasi tobora o‘sib borayotganini, saylovchilar mamlakatni isloh etish va modernizatsiya qilish jarayonlarini chuqurlashtirish yo‘lidan izchil ilgarilab borayotganimizni keng qo‘llab-quvvatlayotganini namoyish etdi.



…Ona zaminimiz yuksak pardalarda tarannum etilgan alyor qaddimizni tog‘dek ko‘taradi. Vatan – ota-bobolarimizning muborak xoklari yotgan tabarruk zamin, hamisha sevib-ardoqlab, tuprog‘ini ko‘zimizga surib yashaydigan muqaddas sajdagohimizdir. Ozod Vatanimiz borki, qadr-qimmatimiz bor. Obod yurtimiz borki, or-nomusimiz bor, g‘urur va iftixorimiz sarbaland…



Bugun jahon O‘zbekistonga havas va hayrat ila boqmoqda. Eng rivojlangan davlatlarning ham belini bukkan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida yurtimiz iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotgani tanlagan taraqqiyot yo‘limiz naqadar to‘g‘ri va hayotiy ekanligini yana bir bor isbotlamoqda. Bu har birimizga g‘urur va iftixor bag‘ishlashi barobarida, kuchimizga kuch qo‘shmoqda, ertangi kunimizga ishonchimizni yanada mustahkamlamoqda.



Prezidentimiz Islom Karimovning “Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O‘zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo‘llari va choralari” kitobi o‘nlab xorijiy tillarga tarjima qilingani va jahonda ilmiy asosda chuqur o‘rganilayotganining mohiyati shunda.



O‘zbekistonda har tomonlama asoslangan tarkibiy qayta o‘zgartirishlar, faol investitsiya siyosati, ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish dasturini amalga oshirish, eksportga yo‘naltirilgan yangi korxonalarning tashkil etilishi, ishlab chiqarish infratuzilmasi va transport kommunikatsiyalarining jadal rivojlantirilishi iqtisodiyotni barqaror va muvozanatlashgan holda taraqqiy ettirish imkonini bermoqda.



2010 yilning birinchi yarmida mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 8 foizni tashkil etdi.



O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar jahon bozoriga dadil kirib bormoqda. Eksportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yangi bozorlarga chiqish hisobiga eksport hajmi 14,3 foizga o‘sdi. Hozir mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari tomonidan jahonning 139 mamlakatiga tovarlar va xizmatlar eksport qilinayotir.



Joriy yilning birinchi yarmida korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, ularning investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklarining qiymati 518 milliard so‘mga teng kreditlari yo‘naltirildi. Iqtisodiyotimizda o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi qariyb 1,7 milliard dollarni tashkil qildi.



Mahalliylashtirish dasturi doirasida 181 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirildi, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga doir chora-tadbirlar natijasida joriy yilning birinchi yarmida mahalliylashtirilayotgan mahsulotlar eksporti hajmi 1,8 baravar ko‘paydi.



Aholi bandligi darajasini oshirishning eng muhim manbalaridan bo‘lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish va servis sohasi hamda kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish doimiy e’tiborda. Buning samarasida joriy yilning birinchi yarmida kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 41,1 foizni tashkil qildi.



Shu yilning boshidan buyon ishlab chiqarishni texnik modernizatsiya qilish bo‘yicha 108 loyihani amalga oshirish yakunlandi va 529 ishlab chiqarish obyekti foydalanishga topshirildi.



Qishloq xo‘jaligidagi islohotlarni chuqurlashtirish, sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, fermerlik harakatining samarasini yanada oshirish maqsadida qilinayotgan ishlar ham o‘z samaralarini bermoqda. Barcha turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish tobora ortib bormoqda. Istiqlol sharofati bilan o‘z donimizga, beminnat nonimizga ega bo‘ldik. Joriy yilda g‘allakorlarimizning fidokorona mehnati evaziga 7 million tonnadan ziyod g‘alla xirmoni bunyod etildi. Paxtakorlarimiz ham yuksak marralarni ko‘zlab mehnat qilmoqdalar.



…Maydon uzra taralayotgan qo‘shiq sehridan dillar sururga to‘ladi. Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz dasturi orqali ifoda etilayotgan istiqlol yillarida qo‘lga kiritayotgan ulkan yutuqlarimizga boqib, bunyodkor xalqimizning yaratuvchanlik salohiyatidan faxru g‘ururing oshadi…



Yo‘llar ellarni ellarga, dillarni dillarga bog‘laydi, yo‘l, kommunikatsiya bor joyda taraqqiyot bo‘ladi, ish olg‘a siljiydi. Mamlakatimizda yo‘llarni, transport infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, joriy yilning birinchi yarmida xalqaro va davlat ahamiyatiga ega avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda O‘zbekiston milliy avtomagistrali uchastkalarini qurish, yo‘l-qurilish texnikasini xarid qilish uchun 190,6 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. O‘zbekiston milliy avtomagistrali bo‘ylab yo‘l yoqasida 59 infratuzilma va xizmat ko‘rsatish obyektlarida qurilish-montaj ishlari bajarilmoqda.



Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on temir yo‘l liniyasining razyezd va stansiyalarida ishlab chiqarish-texnik binolar hamda turar-joylar qurilishini yakunlash bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.



Bayram arafasida Navoiy shahridagi xalqaro aeroportda zamon talablariga to‘liq javob beradigan yangi yuk terminali ishga tushirildi.



Mamlakatimizda olib borilayotgan bandlik darajasini oshirish, mehnatni rag‘batlantirish, aholi daromadlari o‘sishini ta’minlashga qaratilgan siyosat inson manfaatlariga xizmat qilmoqda. Dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida ish o‘rinlari qisqarishi davom etayotgan bir paytda 2010 yilning birinchi yarmida 509 mingdan ortiq ish o‘rni tashkil etishga erishganimiz katta muvaffaqiyatdir. Shu qatorda odamlarimizning ish haqi, daromadi barqaror o‘smoqda. Buni ularning turmush farovonligi yuksalayotgani, yangi, zamonaviy uy-joylar bunyod etayotgani, yengil avtomobillar xarid qilishi ko‘payayotgani singari hayotiy misollar ifodasida ham ko‘rishimiz mumkin.



Toshkentda 2010 yilning aprel oyida o‘tkazilgan “Inqirozga qarshi choralar dasturlarining samaradorligi va inqirozdan keyingi rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari (O‘zbekiston misolida)” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada mamlakatimizning iqtisodiy o‘sish sur’atlari yana bir bor yuksak baholandi. Anjuman yakunlari bo‘yicha tayyorlangan xulosa va tavsiyalarda O‘zbekistonda global inqiroz xavflariga samarali qarshi turishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarning yuksak samaralari hamda Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan inqirozdan keyingi davrda rivojlanishning chuqur asoslangan ustuvor yo‘nalishlarining muhim ahamiyati va dolzarbligi alohida qayd etildi. O‘zbekistonning Inqirozga qarshi choralar dasturi va mamlakatni yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar dunyoning ko‘plab davlatlari uchun muhim amaliy ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.



Shu yilning may oyi boshida Toshkentda Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 43-yillik majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu nufuzli anjumanga MDH va Kavkaz mintaqasi mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib O‘zbekiston poytaxti mezbonlik qilgani yurtimizning xalqaro miqyosda tobora yuksalib borayotgan nufuzidan dalolat. Anjuman ishtirokchilari ushbu tadbir yuksak tashkiliy saviyada o‘tgani va OTBning barcha anjumanlari orasida eng samaralilaridan biri bo‘lganini ta’kidladi.



OTB Boshqaruvchilar kengashi majlisi qatnashchilari, shuningdek, 2010 yilning iyun oyi oxirida mamlakatimizga tashrif buyurgan Xalqaro valuta jamg‘armasi missiyasi tomonidan O‘zbekiston erishayotgan natijalar yuksak baholandi. Xalqaro valuta jamg‘armasi, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot bankining xulosalariga ko‘ra, inqirozga qarshi choralarning sanoatni modernizatsiya qilish va infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek, joriy yilda eksport hajmini oshirishga ko‘rsatayotgan samarali ta’siri davom etayotgani tufayli 2010 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi 8 foizdan ortiqni tashkil qiladi.



Joriy yilning iyun oyida Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotining sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda SHHTga yangi a’zolarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom va SHHT protseduralari qoidalari tasdiqlandi. Mazkur ikki hujjatning Toshkent sammitida barcha a’zo davlatlar tomonidan ma’qullangani O‘zbekistonning ushbu tashkilotga raisligi nechog‘li samarali kechganidan dalolat bo‘ldi.



Shu yil aprel oyida BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun mamlakatimizga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif asnosida Toshkentda SHHT va BMT kotibiyatlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya imzolandi. Bu 2010 yilda O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatidagi tarixiy ahamiyatga molik yana bir yorqin voqea bo‘ldi.



Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, insonning turmushi, yashash sharoiti o‘zgarsa, uning ertangi kunga bo‘lgan munosabati o‘zgaradi, ishonchi mustahkamlanadi. Shu bois qishloqlarimiz qiyofasini zamonaviy arxitektura va sanoat asosida tubdan o‘zgartirish va yangilash, uy-joy, ijtimoiy va kommunal obyektlar, kommunikatsiyalarni barpo etish bo‘yicha mazmuni va miqyosi jihatidan misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirilmoqda. Bunday ulkan ishlar zamirida yurtdoshlarimiz, xususan, qishloqlarda yashaydigan insonlar turmush farovonligini yuksaltirish, ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy hayotimizni yanada yaxshilash singari ezgu maqsadlar mujassamdir.



Joriy yilning birinchi yarmida mamlakatimiz bo‘yicha ko‘plab uy-joy foydalanishga topshirildi. Gaz, suv quvurlari tarmoqlari barpo etildi. O‘tgan yilning sentabr oyida qishloq joylardagi 42 massivda qurilishi boshlangan uy-joylar o‘z egalariga topshirildi.



159 qishloq tumanlaridagi 223 massivda namunaviy loyihalar bo‘yicha 6800 uy-joy qurilishi davom etmoqda. O‘tgan davr mobaynida ushbu maqsadlar uchun “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik-tijorat bankining jami 122,2 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlari ajratildi.



Zamonaviy qurilish materiallariga bo‘lgan ehtiyojni yanada to‘liq qondirish maqsadida 2010 yilning olti oyida zamonaviy tom yopish materiallari, gipsokarton, quruq pardozlash aralashmalari, yig‘ma konstruksiyalar kabi qurilish va pardozlash materiallari ishlab chiqaruvchi 116 yangi korxona ishga tushirildi.



…Davraga bolalar chiqib keladilar. “Tantana”, “Sonata”, “Asal”, “Yulduz”, “Navro‘z”, “Tomosha” va “Bulbulcha” bolalar ansambllari ijrosidagi shodon qo‘shiq va o‘ynoqi raqslar bayram tomoshasi ahlini to‘lqinlantirib yuboradi. Hech kimdan kam bo‘lmay voyaga yetayotgan beg‘ubor avlodga boqib dilingiz yayraydi. Quvnoq va serzavq farzandlarimiz o‘zlarining baxtli bolalikni madh etuvchi qo‘shiqlari bilan qalblarimizda umid va ishonch uyg‘otadi…



Prezidentimiz tashabbusi bilan 2010 yilning Barkamol avlod yili deb e’lon qilingani zamirida chuqur ma’no-mazmun mavjud. Yurtboshimiz aytganidek, farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart. Shu ma’noda ularni barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, baxt va iqboli uchun hech narsani ayamaslik davlatimiz va jamiyatimizning ustuvor vazifalaridan etib belgilangan. Bu xalqimizning qonida, tabiatida bo‘lgan ezgu fazilat. Shuning uchun ham barcha ezgu niyatlarimiz zamirida farzandlarimizni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom o‘stirish, ularning baxtu saodati, farovon kelajagini ko‘rish, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmaydigan avlodni tarbiyalash orzusi mujassam.



“Sog‘lom ona – sog‘lom bola” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan dastur asosida keng ko‘lamli chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilmoqda. Zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan diagnostika, skrining va perinatal markazlari onalar va bolalar salomatligini himoyalashga xizmat qilmoqda.



Prezidentimiz tomonidan o‘tgan yili qabul qilingan ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom avlodni shakllantirish, tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi faoliyatini takomillashtirish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlashga oid qarorlar bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yaqinda qabul qilingan qishloq tumanlarida onalar va bolalarning reproduktiv salomatligini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlarga doir qarori onalar va bolalarga e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir namoyishi bo‘ldi.



Ta’lim-tarbiya sohasidagi dasturlarimiz kelajagimizning mustahkam poydevoriga aylanib, ularning samarasi mamlakatimiz erishayotgan yuksak marra va natijalar misolida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Litsey va kollejlarni bitirgan yoshlarimiz bugungi kunda ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, boshqaruv va ijtimoiy sohalarda, barcha jabhalarda mehnat qilayotir. Joriy yilning birinchi yarmida yoshlar uchun 282,8 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Yaqinda davlatimiz rahbarining ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlarga oid farmoni e’lon qilindi. Mazkur hujjat “Barkamol avlod yili” Davlat dasturida ko‘zda tutilgan vazifalarni ijro etish, yoshlarni, birinchi galda, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishda qulay shart-sharoitlar yaratadi.



Bugungi kunda “Barkamol avlod yili” Davlat dasturi asosida davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari va adabiyotlarini takomillashtirish, o‘quv jarayoniga yangi axborot va pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish, bolalar sportini yanada rivojlantirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Shahar va qishloqlarimizda zamonaviy sport majmualari va stadionlar, suv sporti saroylari, badiiy gimnastika zallari bunyod etilmoqda, ular zamonaviy sport anjomlari, yuqori malakali sport ustozlari va murabbiylar bilan ta’minlanmoqda.



…Yosh san’atkorlar el-yurtimizni eng aziz bayram bilan muborakbod etadi. Ular ijrosidagi qo‘shiq va navolar ulug‘vor ayyomning tantanavor ruhiga o‘zgacha fayz va tarovat baxsh etadi…



Istiqlol yillarida mamlakatimizda yoshlarning ma’naviy olami va madaniy saviyasini yuksaltirish, san’atning barcha turlariga, jumladan, musiqa san’ati rivojiga alohida e’tibor berilmoqda. Yurtimizda betakror san’at koshonalari qad rostlashi, bolalar musiqa san’at maktablarining zamonaviy qiyofaga kirayotgani ham sohaga ko‘rsatilayotgan ana shunday g‘amxo‘rlik natijasidir. Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, “Nihol” mukofoti hamda an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yagonasan, muqaddas Vatan!”, “Yangi avlod”, “Kelajak ovozi” ko‘rik-tanlovlari hayotini san’atga bag‘ishlashni diliga tukkan yoshlarimizning iste’dodini kashf etishga, ularga keng yo‘l ochib berishga xizmat qilmoqda.



Ha, bugun o‘zbek ovozi dunyo sahnalari uzra baralla yangramoqda. Sohir ovoz, sehrli barmoq sohiblari xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritmoqda.



…Tobora avjga chiqayotgan qo‘shiqlar yurtdoshlarimizdagi Vatan taqdiriga daxldorlik hissini yanada kuchaytiradi. Kishi qalbidan shu yurt, shu Vatan meniki, shu muqaddas zamin yanada obod va farovon bo‘lishi uchun qancha ko‘p mehnat qilsam, oilam, farzandlarim shuncha manfaat ko‘radi, go‘zal diyorimiz yanada gullab-yashnaydi, degan ezgu fikr o‘tadi…



“Tinchlik tayanchi”. Maydon uzra harbiy musiqa sadolari yangraydi. Sahnaga shaxdam qadamlar bilan mard va jasur o‘g‘lonlarimiz – Vatan himoyachilari kirib keladilar. Ular ona Vatanimizni madh etib, Qurolli Kuchlarimiz qudratini namoyish etadi…



Yurtimizning tobora obod bo‘lib, qiyofasi butunlay o‘zgarayotgani, Vatanimizning taraqqiyotdagi yutuqlari, avvalambor, mamlakatimizdagi tinchlik, barqarorlik, millatlararo totuvlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat tufaylidir.



El-yurtimiz tinchligi, osoyishtaligi ishonchli qo‘llarda. O‘zbekiston – o‘zining hududiy yaxlitligini saqlashga, o‘zini o‘zi mudofaa qilish, mustaqilligini asrashga qodir mamlakat. Bugungi kun talablariga javob beradigan tezkor va ixcham, zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlangan, jangovar qobiliyat va tayyorgarlikka ega, har qanday yovuz kuchga munosib zarba berishga qodir bo‘lgan milliy armiyamiz bilan har qancha faxrlansak arziydi.



Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Islom Karimov g‘oyasi va tashabbusi asosida Toshkent shahrida barpo etilgan “Vatanga qasamyod” haykali Vatanga qasamyod, mardlik va jasorat madhiyasi sifatida yoshlarimiz, harbiylarimizning ma’naviy-ruhiy olamini boyitish, ularda baquvvat iroda, faol hayotiy pozitsiyani shakllantirishda g‘oyat katta ahamiyatga egadir.



“Vatan azizdir”. Vatanimiz madh etilgan, Hazrati inson ulug‘langan bu qo‘shiq yangraganda beixtiyor unga jo‘r bo‘lasiz. Shunday huzurbaxsh lahzalarda bu olamda betakror ona O‘zbekistonimizning yakkayu yagona ekanligi, shu muqaddas zaminga ehtirom tuyg‘usi har birimizning dilimizga jo bo‘lishi zarurligini yanada teranroq anglaymiz.



Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz tantanalarini ellikdan ortiq mamlakat aholisi televideniye orqali bevosita tomosha qildi. Butunjahon global axborot tarmog‘i – Internet orqali u dunyoning barcha hududlarigacha kirib bordi.



…Samoda rang-barang mushaklar jilo sochadi. Sehrli yog‘dularga boqib qalblarimizdan hayajon toshadi.



Ko‘ngillarimizdagi eng oliy tilaklar tilga ko‘chadi: Istiqloling muborak bo‘lsin, ona O‘zbekistonim!





Yorumlar









Aktif Ziyaretçi 10
Dün Tekil 1046
Bugün Tekil 549
Toplam Tekil 4277494
IP 3.142.54.136






TURAN-SAM PRINTED ISSN: 1308-8041
TURAN-SAM ONLINE ISSN: 1309-4033
Journal is indexed by:





























21 Cemaziye'l-Evvel 1446
Kas m 2024
P
S
P
C
Ct
P
1
2
3
4
5
6
7
8
9
10
11
12
13
14
15
16
17
18
19
20
21
22
23
24
25
26
27
28
29
30


K peklerin dudaklar de di diye deniz kirlenmez.
(MEVLANA)


Ekle kar









Anasayfa - Amaç - Hedefimiz - Mefkuremiz - Faaliyetler - Yönetim - Yasal Uyarı - İletişim

Her Hakkı Saklıdır © 2007 - 2023 TURAN-SAM : TURAN Stratejik Araştırmalar Merkezi
Sayfa 2.193 saniyede oluşturulmuştur.

TURAN-SAM rssTURAN-SAM rss
Google Sitemap

"Bu site en iyi mozilla firefox'ta 1280x960 çözünürlükte görüntülenir."

Turan Portal v1.3 | Tasarım TURAN-SAM , Kodlama Serkan Aygün

Turan Nedir?, Bilimsel Dergiler, En popüler Bilimsel Dergi, Endeksli Bilimsel Dergiler, Saygın Bilimsel Dergi, Türk Dünyasının en popüler ve en saygın Bilimsel Hakemli Dergisi, SSCI, SCI, citation index, Turan, Türk Devletleri, Türk Birligi, Türk Dünyası, Türk Cumhuriyetleri, Türki Cumhuriyetler, Özerk Türkler, Öztürkler, Milliyetçi, Türkçü, Turancı, Turan Askerleri, ALLAH'ın askerleri, Turan Birliği, Panturan, Pantürk, Panturkist, Türk, Dünyası, Stratejik, CSR, SAM, Center for Strategical Researches, Araştırma, Merkezi, Türkiye, Ankara, İstanbul, Azer, Azeri, Azerbaycan, Bakü, Kazakistan, Alma-Ata, Astana, Kırgız, Bişkek, Kırgızistan, Özbekistan, Özbek, Taşkent, Türkmen, Türkmenistan, Turkmenistan, Aşxabad, Aşkabat, Ozbekistan, Kazakhstan, Uzbekistan, North, Cyprus, Kıbrıs, MHP, AKP, CHP, TURKEY, Turancılık, KKTC, Vatan, Ülke, Millet, Bayrak, Milliyet, Cumhuriyet, Respublika, Alparslan Türkeş, Atatürk, Elçibey, Bahçeli, Aytmatov, Bahtiyar Vahabzade, Yusuf Akçura, Zeki Velidi Togan, İsmail Gaspıralı, Gaspırinski, Nihal Atsız, Alptekin, Kürşad, Tarih, Kardeş, Xalq, Halk, Milletçi, Milliyetçi, Yürek, Ürek, Türklük, Beynelxalq, Arbitrli, Elmi, Jurnal, Nüfuzlu